Fuqarolik huquqi

Ajrashishda mol-mulk qanday bo’linadi?

Savol: Men ayolim bilan ajrashmoqchiman. To’ydan 2 yil aval o’z nomimga mashina va uy olgan edim. Bu mol-mulk ajrashish davomida ayolim bilan teng taqsimlanadimi yoki o’zimda qoladimi?

Javob: O’zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 25-moddasiga binoan, er va xotinning nikohga qadar o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulki, shuningdek ulardan har birining nikoh davomida hadya, meros tariqasida yoki boshqa bepul bitimlar asosida olgan mol-mulki ulardan har birining o‘z mulki hisoblanadi.

Demak, turmush qurishdan oldin o’z nomingizga rasmiylashtirilgan mashina va uy ajrashish payti o’zaro bo’linmaydi.

Nikohdan ajrashishda er-xotinning umumiy mol-mulki bo’linadi. Er-xotinning umumiy mol-mulkiga Oila kodeksining 23-moddasida quyidagicha ta’rif berilgan:

“23-modda. Er va xotinning umumiy mulki

Er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek nikoh qayd etilgunga qadar, bo‘lajak er-xotinning umumiy mablag‘lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi.

Er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari jumlasiga (er va xotinning umumiy mol-mulkiga) er va xotin har birining mehnat faoliyatidan, tadbirkorlik faoliyatidan va intellektual faoliyat natijalaridan orttirgan daromadlari, ular tomonidan olingan pensiyalar, nafaqalar, shuningdek maxsus maqsadga mo‘ljallanmagan boshqa pul to‘lovlari (moddiy yordam summasi, mayib bo‘lish yoki salomatligiga boshqacha zarar etkazish oqibatida mehnat qobiliyatini yo‘qotganlik munosabati bilan etkazilgan zararni qoplash tarzida to‘langan summalar va boshqalar) kiradi. Er va xotinning umumiy daromadlari hisobiga olingan ko‘char va ko‘chmas ashyolar, qimmatli qog‘ozlari, paylari, omonatlari, kredit muassasalariga yoki boshqa tijorat tashkilotlariga kiritilgan kapitaldagi ulushlari hamda er va xotinning nikoh davomida orttirgan boshqa har qanday mol-mulklari, ular er yoki xotindan birining nomiga rasmiylashtirilgan yoxud pul mablag‘lari kimning nomiga yoki er va xotinning qaysi biri tomonidan kiritilgan bo‘lishidan qat’i nazar ular ham er va xotinning umumiy mol-mulki hisoblanadi.

Er va xotindan biri uy-ro‘zg‘or ishlarini yuritish, bolalarni parvarish qilish bilan band bo‘lgan yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra mustaqil ish haqi va boshqa daromadga ega bo‘lmagan taqdirda ham er va xotin umumiy mol-mulkka nisbatan teng huquqqa ega bo‘ladi.

Fermer xo‘jaligi va dehqon xo‘jaligi a’zolarining birgalikdagi mulki bo‘lgan mol-mulkka nisbatan er va xotinning egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish huquqlari fermer xo‘jaligi va dehqon xo‘jaligi to‘g‘risidagi qonunlarda belgilanadi. Fermer xo‘jaligi va dehqon xo‘jaligining mol-mulkini bo‘lish O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 223 va 225-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar asosida amalga oshiriladi”.

Demak, nikohdan oldin nomingizga rasmiylashtirilgan moshina va uy sizning shaxiy mol-mulkingiz hisoblanadi va nikohdan ajrashish davomida bo’linmaydi.

3 Comments