Savol: Men uylanganimga bir yarim yil bo’ldi, o’zim o’qiyman institutda 3-kursda. Yana xarbiy kafedrada ham o’qiyman. Xotinim bilan ajrashyapman, shu sabab sizdan nima qilish to’g’risida yordam so’ramoqchi edim. Nima maslahatlar berasiz. Xotinimga ishonchim yo’qolgan.
Javob: Savolingiz mazmunidan quyidagilar anglashildi:
- Siz ajrashmoqchisiz, ammo ayolingiz ajrashishni istamaydi.
- Siz ajrashmoqchisiz, ammo qayerga murojaat qilish kerak va qanday hujjatlar lozim bo’lishini bilmaysiz?
O’zbekiston Respublikasida er-xotin nikohlarini bekor qilish uchun 2 xil usuldan birini tanlashlari mumkin. O‘zbekiston qonun hujjatlari ajrashish tartibini imperativ tarzda tartibga soladi (Oila kodeksining 7-bobi; Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalarining IV bo‘limi). Nikohni bekor qilmoqchi bo‘lgan er-xotinlar ariza bilan qayerga – FHDYo organigami yoki sudgami – murojaat qilishlarini o‘zlari tanlamaydilar.
FHDYo organlari quyidagi hollarda nikohdan ajratadilar:
- er-xotinlarning o‘zaro roziligiga ko‘ra ularning mulkiy nizolari hamda voyaga yetmagan farzandlari bo‘lmagan taqdirda;
- er yoki xotindan birining arizasi asosida ulardan biri sud tomonidan bedarak yo‘qolgan yoki ruhiyati buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan yoxud sodir qilgan jinoyati uchun 3 yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa.
Quyidagi holatlarda nikohdan ajratish sud tartibida amalga oshiriladi, agar:
- er-xotinlarning o‘rtada voyaga yetmagan farzandlari bo‘lsa (er yoki xotindan birining arizasi asosida ulardan biri sud tomonidan bedarak yo‘qolgan yoki ruhiyati buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan yoxud sodir qilgan jinoyati uchun 3 yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan hollar bundan mustasno);
- bolalari to‘g‘risida, birgalikdagi umumiy mol-mulkini bo‘lish haqida yoki yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz er (xotin)ga ta’minoti uchun mablag‘ to‘lash haqida nizo mavjud bo‘lsa;
- er-xotindan birining nikohdan ajratishga roziligi bo‘lmasa;
- qarshiligi bo‘lmasa-da, er-xotinlardan birining FHDYo organida nikohdan ajralishdan bosh tortganda (masalan, birgalikda ariza berishni rad etsa yoxud arizani berib, nikohdan ajratishni ro‘yxatdan o‘tkazishga kelmasa).
Shundan ko‘rinadiki, agar er-xotinlardan biri nikohdan ajralishga rozi bo‘lmasa, oxirgi so‘zni aytish sudga qoladi. Shuning uchun “ajrashaman yoki ajrashmayman” degan dag‘dag‘aning ahamiyati kuchli emas. Juftlarning hatto bittasi nikohdan ajrashishni istamasa-da, sud ularni baribir ajratib yuborishi mumkin.
Modomiki, xotiningiz ajrashishni istamas ekan, siz nikohdan ajrashish to‘g‘risidagi ariza bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo (shahar) sudiga murojaat qilishingiz kerak. Tuman (shahar) FHDYosidan esa siz xotiningiz bilan nikohdan ajratish to‘g‘risida birgalikda yozilgan arizani bermaganligingiz to‘g‘risidagi yoxud uni berib, xotiningiz nikohdan ajratishni ro‘yxatdan o‘tkazishga kelmayotganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani keltirishingiz kerak.
Xulosa qilganda siz quyidagi harakatlarni ketma-ket bajarishingiz lozim:
- FHDYo organidan siz xotiningiz bilan nikohdan ajratish to‘g‘risida birgalikda yozilgan arizani bermaganligingiz to‘g‘risidagi yoxud uni berib, xotiningiz nikohdan ajratishni ro‘yxatdan o‘tkazishga kelmayotganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani olasiz;
- Sudga borasiz va da’vo ariza berasiz. Sudga siz quyidagilarni taqdim etishingiz lozim:
1) 3 nusxada nikohni bekor qilish to‘g‘risida da’vo arizasi (sud devonxonasining qabul qilinganlik belgisi qo‘yilgan nusxasi sizda qoladi, ikkinchi nusxasi xotiningizga beriladi, uchinchi nusxasi unga ilova qilingan hujjatlar bilan birga sudda qoladi);
2) nikoh tuzilganligi to‘g‘risida guvohnoma;
3) pasport nusxalari;
4) sizning yashash joyingiz va xotiningiz yashash joyida (eng yaxshisi – manzillar byurosidan) ma’lumotnomalar;
5) bolalarning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalari nusxalari (agar farzandingiz bo’lsa)
6) davlat boji to‘langanligi to‘g‘risida kvitansiya*.
* Sudlarga beriladigan nikohni bekor qilish haqidagi da’vo arizalaridan – Eng Kam Ish Haqining (EKIH) 50 foizi miqdorida, takroriy nikohni bekor qilish haqidagi da’vo arizalaridan da’vogardan EKIHning 120 foizi miqdorida davlat boji undiriladi (VMning 3.11.1994 yildagi 533-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat boji stavkalari 1-bandining “v” kichik bandi)
Qayerdagi sudga da’vo ariza beraman?
Nikohni bekor qilish to‘g‘risidagi da’vo arizasini siz xotiningiz ro‘yxatdan o‘tkazilgan joydagi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga topshirishingiz kerak. Mazkur talab sudga taalluqlilikning umumiy qoidalaridan kelib chiqadi, unga ko‘ra ariza faoliyat hududida javobgar doimiy yashash joyi yoki doimiy mashg‘ulotga ega bo‘lgan sudga topshiriladi.
Biroq ushbu qoidadan istisno bor. Nikohni bekor qilish to‘g‘risidagi da’volar, uning qaramog‘ida voyaga yetmagan bolalar bo‘lsa yoki nogironlik yoxud og‘ir kasallanish oqibatida uning uchun javobgar yashaydigan joy bo‘yicha fuqarolik ishlariga doir tuman, tumanlararo (shahar) sudiga borish qiyinchilik tug‘dirsa, da’vogar yashaydigan joy bo‘yicha ham berilishi mumkin.
Da’vo arizasini siz o‘zingiz yozishingiz mumkin. Sudlarda ularning namunalari mavjud, biroq biz sizga yaxshisi mutaxassislarga murojaat qilishni maslahat beramiz, zero har bir holat o‘ziga xosdir.
Shuni ham bilish lozimki, Oila kodeksining 39-moddasiga ko‘ra, xotinining homiladorlik vaqtida va bola tug‘ilganidan keyin bir yil mobaynida er xotinining roziligisiz nikohdan ajratish to‘g‘risida ish qo‘zg‘atishga haqli emas. Ushbu cheklash er tug‘ilish to‘g‘risidagi yozuvlar daftarida bolaning otasi sifatida yozilmagan, bola o‘lik tug‘ilgan yoki bir yoshga to‘lmay vafot etgan hollarga ham tatbiq etiladi.
Sud qachon o’tkaziladi?
Siz sudga da’vo ariza berganingizdan so’ng, sud yarashish uchun muddat belgilashi mumkin. Sud majlisida oilani saqlab qolish mumkinligidan dalolat beruvchi holatlar aniqlanganda (bolalarning borligi, nikohning davomiyligi, oiladagi o‘zaro munosabatlarning xususiyati va boshqalar), sud ikkala taraf yoki ulardan birining iltimosi yoxud o‘zining tashabbusiga ko‘ra ish ko‘rilishini keyinga qoldirib, er-xotinga yarashish uchun 6 oy doirasida muddat berishga haqlidir.
Oliy sud Plenumining “Sudlar tomonidan nikohdan ajratishga oid ishlar bo‘yicha qonunchilikni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida”gi Qarorida (20.07.2011 yildagi 6-son) ko‘rsatilishicha, Oila kodeksi 218-moddasining talablarini inobatga olgan holda yarashish uchun beriladigan muddat 3 oydan kam bo‘lishi samarasiz hisoblanadi.
Sud er va xotinning yoki ulardan birining arizasiga ko‘ra, yarashish uchun berilgan muddatni bunga jiddiy asoslar mavjud bo‘lgan hollarda qisqartirishga va ishni bu muddat tugagunga qadar ko‘rishga haqli. Yarashish uchun berilgan muddatni qisqartirish to‘g‘risidagi masala sud majlisida taraflarni xabardor qilgan holda va ajrim chiqarish yo‘li bilan hal etiladi.
Ishning ko‘rilishini keyinga qoldirish to‘g‘risidagi ajrim alohida xonada (maslahatxonada) chiqariladi va bunday ajrim kelgusida ishning harakatiga to‘sqinlik qilmasligi sababli, uning ustidan apellyatsiya, kassatsiya tartibida shikoyat qilinishi yoki protest keltirilishi mumkin emas.
Agar sud tomonidan tayinlangan muddat mobaynida er-xotin yarashsa, nikohni bekor qilish bo‘yicha ish yuritish bekor qilinadi.
Agar sud belgilagan muddat mobaynida er-xotin yarashmasa, sud ishni ko‘rib chiqadi va tegishli hal qiluv qarorini chiqaradi.
Nikohdan ajratish jarayonida er-xotin o’rtasida mol-mulkning taqsimlanishi haqida ma’lumot olish uchun quyidagi maqolamizni o’qishni tavsiya qilamiz.
Nikohdan ajratishda farzandlar kimning qaramog’ida qolishi yoki o’tkazilishi tartibi haqida quyidagi maqolalarimizni o’qishni tavsiya qilamiz.
Nikohdan ajratishda qanday qilib farzandlarni ota qaramog’ida qoldirish mumkin?