Fuqarolik huquqi

Ajrashish uchun qancha vaqt ketadi?

Savol: Men ayolim bilan ajrashmoqchiman, lekin kelin tomon rozi emas. O’rtada farzand yo’q, kelin sudga kelmasa ham ajrashsam bo’ladimi? Necha oyda bu masala hal etiladi?

Javob: Nikohdan ajratishni so’rab sudga da’vo arizasi bilan chiqish uchun ikkinchi tomonning ajrashishga roziligi talab qilinmaydi. Nikohdan ajrashishda taraflar o’rtasida farzandlar yoki mol-mulk to’g’risida nizo bo’lmasa va ikkala taraf ham ajrashishga rozi bo’lsa, bunday nikohdan ajrashishni mahalliy FHDYO organlarida rasmiylahstirish mumkin. Nikohdan ajrashishga taraflardan biri norozi bo’lsa yoki o’rtada farzandlar yoki mol-mulkni bo’lish yoxud boshqa turdagi nizo mavjud bo’lsa, bunday nikohdan ajratish ishini sud ko’rib chiqadi.

Sud tartibida nikohdan ajratish ishini ko’rib chiqish uchun ketadigan vaqtni oldindan aytib bo’lmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining “Sudlar tomonidan nikohdan ajratish haqidagi ishlarni ko’rishda qonunlarni qo’llash amaliyoti to’g’risida”gi Qarorining 14-bandiga ko’ra, nikohdan ajratish haqidagi ishni ko‘rishda sud er-xotinni yarashtirish va oilaviy vaziyatni sog‘lomlashtirish choralarini ko‘radi.

Er-xotinni yarashtirish choralarini ko‘rishda sud taraflarning yoki ulardan birining iltimosiga yoxud o‘z tashabbusiga ko‘ra ishning ko‘rilishini boshqa vaqtga qoldirishga va er-xotinga yarashishlari uchun Oila kodeksining 40-moddasida ko‘rsatilgan doirada  olti oygacha muhlat belgilashga haqli.

Sud yarashtirish uchun berilgan muddatda, er-xotinni yarashtirish maqsadida, zarur holatlarda ajrim nusxalarini ular yashaydigan joydagi xotin-qizlar qo‘mitalariga, mahalla kengashlariga va o‘zini o‘zi boshqarish organlariga muhokama qilish va yarashtirish uchun yuborishi mumkin.

Oilani saqlash manfaatida sud ikkinchi marta ishni ko‘rishni qoldirishga va er-xotinning yarashishi uchun qonunda ko‘rsatilgan, olti oygacha bo‘lgan muhlatni belgilashga haqli.

Aniq holatlarni hisobga olgan holda sud er-xotinning yoki ulardan birining arizasiga ko‘ra, ularga yarashishlari uchun berilgan muhlatni o‘zgartirishga va bu muhlat o‘tgunga qadar ishni ko‘rishga haqli.

Yarashish uchun muhlat berish haqidagi ajrim, ish holatlari tekshirilganidan va sudga murojaat qilishga olib kelgan haqiqiy asoslar aniqlanganidan keyin chiqariladi.

Sud, qoidaga ko‘ra, nikohdan ajratish to’g’risidagi ishni er-xotinning har ikkalasi ishtirokida ko‘rishi lozim. Er-xotindan biri kelmaganida ishni ko‘rishga faqat favqulodda hollardagina (FPKning 174-moddasi) va asoslantirilgan sudning ajrimiga ko‘ra yo‘l qo‘yilishi mumkin. Er-xotindan biri doimiy yashash uchun O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga ko‘chib ketgan bo‘lsa, sud ishning ko‘rilishi haqida unga xabar qiladi va uning sudga kelish imkoniyati bo‘lmaydigan hollarda sud tegishli ajrim chiqarib, ishni mazmunan ko‘radi.

Nikohdan ajratish haqidagi da’vo ariza FPKning 149-moddasi talabiga javob berishi kerak. Shuningdek, unda qachon va qayerda nikoh rasmiylashtirilganligi, nikohlaridan farzandlari bor-yo‘qligi, ularning yoshi, er-xotin o‘rtasida farzandlarini ta’minlash va tarbiyalash haqida kelishuv bo‘lgan-bo‘lmaganligi, nikohdan ajratish haqidagi da’vo bilan birga ko‘rilishi mumkin bo‘lgan boshqa talablar qo‘yilayotganligi yoki yo‘qligi, nikohdan ajralish sabablari ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim. Arizaga nikoh haqidagi guvohnoma, bolalarning tug‘ilganligi haqidagi guvohnoma nusxalari, er-xotinning oylik maoshi va o‘zga daromadlari haqidagi hujjatlar va boshqa zarur bo‘lgan hujjatlar ilova qilinadi.

Nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud er-xotinning o‘zaro munosabatlarini, nikohdan ajratish uchun qo‘yilayotgan asoslarni, er-xotin o‘rtasidagi kelishmovchilikning asl sabablarini har tomonlama tekshiradi.

Sudlar oilaning barbod bo‘lganlik sabablarini aniqlab, er-xotinning noloyiq xatti-harakati hamda oilaning barbod bo‘lishiga sababchi bo‘lgan boshqa shaxslar ustidan alohida ajrimlar chiqarishi, tarbiyaviy xarakterga ega bo‘lgan choralar ko‘rishi, oilaviy kelishmovchiliklarni yechishga yordam berish uchun ajrim nusxalarini ularning ish, o‘qish yoki yashash joylaridagi xotin-qizlar qo‘mitalariga yuboradi.

Oiladagi vaqtinchalik kelishmovchilik, tasodifiy sabablarga ko‘ra er-xotin o‘rtasida kelib chiqqan nizolar, shuningdek jiddiy asoslarga ega bo‘lmagan sabablarga ko‘ra er-xotindan birining yoxud har ikkalasining nikoh munosabatini davom ettirishini xohlamasligi nikohni bekor qilish uchun yetarli asos bo‘la olmaydi. Er-xotinning bundan buyon birgalikda yashashiga va oilani saqlab qolishga imkoniyat yo‘qligi, ya’ni oilaning tamomila barbod bo‘lganligi aniqlansagina, sud nikohdan ajratish haqidagi talabni qanoatlantiradi.

—————————————————————————————-

Fuqarolik Protsessual Kodeksining 149-moddasi.

Arizaning mazmuni

Arizada quyidagilar ko‘rsatilishi lozim:

1) ariza berilayotgan sudning nomi;

2) da’vogarning nomi (familiyasi, ismi va otasining ismi) va yashash joyi, agar da’vogar tashkilot bo‘lsa, uning nomi va qayerda joylashganligi, shuningdek agar ariza vakil tomonidan berilayotgan bo‘lsa, vakilning nomi (familiyasi, ismi va otasining ismi) va manzili;

3) javobgarning nomi (familiyasi, ismi va otasining ismi), yashash joyi yoki agar javobgar tashkilot bo‘lsa, uning nomi va qayerda joylashganligi;

4) da’vogarning talabi;

5) agar da’voni baholash lozim bo‘lsa, uning bahosi;

6) da’vogar o‘zining talablariga asos qilib ko‘rsatayotgan holatlar va bu holatlarni tasdiqlaydigan dalillar;

7) arizaga ilova qilingan hujjatlarning ro‘yxati.

Ariza da’vogar yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Agar ariza vakil tomonidan berilgan bo‘lsa, arizaga ishonchnoma yoki uning vakolatini tasdiqlovchi boshqa hujjat ilova qilinishi lozim.

Boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida prokuror, davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar yoki ayrim fuqarolar tomonidan beriladigan arizalarda, shu moddada sanab o‘tilgan ma’lumotlardan tashqari, ariza kimning manfaatini ko‘zlab berilgan bo‘lsa, o‘sha shaxsning nomi (familiyasi, ismi va otasining ismi) va manzili ko‘rsatilishi lozim.

6 Comments

  1. Kurbanov Sodiqjon

    Men xotinim bilan ajrashganman da’vo arizani xotinim yozgan oramizda 7 oylik farzand bor. Sud meni roziligimsiz nikohdan ajratgan. Bu yerda sud qonunni buzmaganmi?

    • Kurbonov Sodiqjon, nikohdan ajratish ishlarida sud agar ajrashish uchun barcha asoslar yetarli deb hisoblasa tomonlardan birini ajrashishga qarshi bo’lishidan qat’iy nazar nikohni bekor qilishi mumkin.

  2. Kurbanov Sodiqjon

    Hozirda men aliment to’layapman. Xotinimga o’z ta’minoti uchun 50.000 so’m bola alimenti uchun 137.000 so’m to’layapman. Men o’zim hunarmand usta bo’lib ishlayman, har oy 187.000 so’m to’lash menga og’irlik qilganligi uchun davlat ishiga yarim stavka ishga kirdim, oylik maoshim 120.000 so’m. Sud ijrochilarga ishga qabul qilinganligim to’g’risida hama hujjatlarni berdim. Meni hisob kitobimcha 35.000 so’m bo’ladi. Sud ijrochi yana o’z ta’minoti uchun 50.000 to’laysan deyapti. Shu o’z ta’minoti uchun oladigan pulni qanday qilib to’xtatsa bo’ladi?

  3. Kurbanov Sodiqjon

    Men bolani ko’rishim uchun yoki uyimda olib kelishim uchun qanday choralar ko’rishim mumkin. bola 7 oylik bo’ldi. Agarda xotinimni uyida ko’rishga borsam o’zaro kelishmovchilk, janjal bo’lmasligi uchun qanday chora ko’rish kerak?

  4. Erim men bn ajrashish uchun ariza topshirgan,o’rtamizda 2nafar farzandimiz bor,lekin men ajrashishga rozi emasman,erim mendan yashirib poytaxtdan uy olgan birovni nomiga(propiskasi yuq erimni) ,bu uy chet elda ishlab kelingan pulimiz evaziga olingan,hatto usha pulniyam tan olmiyapti,bizni agar ajrashtirib yuborsa men qanday talab qilolsam buladi,chunki erimni nomida mol mulk yuq,ilojsizman…nima qilsam ,uyni aniq olgan,kimni nomiga ,qaerdan ,kimdan olganligini bilaman ,isbotlay olsam uy bulonadimi ortamizda.

  5. Salom men ajrashmoqchiman qancha vaqit kerek ajrashish uchun