Fuqarolik huquqi

Ajrashganda, alimentdan boshqa yana nima to’lanadi?

Savol: Turmush o’rtog’im 10 yil oldin ajrashgan. Oldingi oilasidan bir farzandi bor, aliment to’lab kelgan. Orada ajrashgan ayollari turmushga chiqdi, yangi oilasidan ham bir farzand ko’rdi. Shu orada, ya’ni bundan 7 yil oldin turmush o’rtog’imga aliment kerak emas degan va biz shunday keyin bermadik. Mana endi bola 11 yoshga to’lganda, aliment berishmadi, deb prokuraturaga yozdi va pul undirdi. Hozir aliment to’laymiz har oy. Hozir endi turmush o’rtog’imga alimentdan tashqari bozor qilib berishni va pul so’rashni boshladi, berdik. Endi sharoit ko’tarmay qolganda, yo’q desek, prokuraturaga yozaman deb shantaj qilyapti. Uning bizda yana qanaqa haqqi bo’lishi mumkin, nima qola oladi?

Javob: Ota va ona bolaga to’lanadigan aliment miqdorini, uning qaysi vaqtda va qanday shaklda to’lanishini o’zaro kelishib olsa, shunga qarab aliment to’layveradi. Agar bolaning otasi va onasi aliment borasida bir kelishuvga kela olmasa, unda tomonlardan biri bu nizoni hal etib berishni so’rab sudga murojaat qilishi lozim. Shunda sud ikkala tomonning ham arzlarini eshitib, ikkala tomonning ham iqtisodiy sharoitini o’rganib, ma’lum bir miqdorda aliment to’lashni belgilaydi va ikkala tomon ham shu qarorni ijro etishga majbur bo’ladi.

 Oila kodeksining 99-moddasiga ko’ra, agar voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, ularning ta’minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun — to‘rtdan bir qismi; ikki bola uchun — uchdan bir qismi; uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi miqdorida undiriladi. Bu to‘lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkin.

Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonun hujjatlari bilan belgilangan eng kam ish haqining uchdan bir qismidan kam bo‘lmasligi kerak.Yuqoridagilarga ko’ra, bir bola uchun odatda aliment to’lovchi (ota)ning oylik ish haqi va boshqa daromadlari jami miqdorining 4 dan bir qismi aliment sifatida to’lanadi. Ota va ona o’rtasidagi kelishuvga ko’ra, aliment bundan ham ko’p bo’lishi mumkin.

Sobiq xotinning alimentdan boshqa xarajatlarni undirish to’g’risidagi da’volari noo’rin. Prokuraturaga shikoyat qilaman deyishi ham noo’rin va bunday gaplardan xavotirga tushmaslik kerak. Hozirgi holatda eringiz tuman fuqarolik sudlariga murojaat qilib, aliment miqdorini belgilab berishini so’rab sudga murojaat qilishi mumkin. Shunda sud belgilab bergan miqdordan ortiqcha hech narsa to’lamaydi va sobiq xotinining qo’shimcha moddiy talablari asossiz bo’ladi. Ikkinchi yo’li esa, sobiq xotinga bor prokuraturaga shikoyat qilaver, deyish. Sobiq xotinining qo’shimcha xarajatlarni so’rab shikoyat qilishga haqqi yo’q. Shikoyat asosli bo’lmagach, prokuratura  yoki shikoyatlarni ko’rib chiquvchi organ bu masala yuzasidan ish ochmaydi.

Yuqoridagiga qo’shimcha sifatida shunni ham ta’kidlab ketish kerakki, Oila kodeksida bolalarning ta’minoti uchun qilinadigan qo‘shimcha xarajatlar ham o’rnatilgan bo’lib, qonun matnida bu haqda shunday deyiladi:

Ota-ona favqulodda holatlar (bolaning og‘ir shikastlanishi, kasal bo‘lishi va boshqalar) tufayli kelib chiqqan, bolaning ta’minoti uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlarda ishtirok etishi shart.

Qo‘shimcha xarajatlarda ishtirok etishdan bosh tortgan ota (ona)dan sud ularning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olib, qo‘shimcha xarajatlarni qisman pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada undirish haqida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin. Lekin bunday qo’shimcha xarajatlar muntazam bo’lmaydi.

Shuni eslatib o’tish kerakki, aliment to’lovchi ota yoki ona aliment to’lashga majbur va agar o’z vaqtida yoki kelishilgan/belgilangan miqdor va ko’rinishda alimentni to’lamasa, ma’muriy hamda jinoiy javobgarlikka tortiladi.