Maqolalar

Aholining davlatdan to’liq gaz ta’minotini talab qilishga haqqi bormi?

Читайте эту статью на русском

O’tgan qish mavsumida mamlakatimizda gazni o’chirib qo’yish yoki aholiga belgilangan tartibda va miqdorda yetkazib bermaslik holatlari uchragani haqida shikoyatlar bo’ldi. Buning natijasida ko’plab insonlar qishni sovuq xonadonlarda, uylarini noan’anaviy usullar bilan isitib o’tkazishga majbur bo’ldi. Bu yil ham gaz o’z vaqtida va yetarli miqdorda berilmayotgani haqida xabarlar bor. Mazkur maqolada shu masalaning huquqiy jihatlarini tahlil qilamiz.

Aholining gaz ta’minotiga bo’lgan huquqi nimalardan iborat? Gazni o’z vaqtida yetkazib berishda qo’yilgan kamchiliklar va qonunbuzarliklar uchun javobgarlik bormi?

 Fuqarolarning munosib hayot kechirishga bo’lgan huquqlari

 

gaz

Xonadonlarning gaz va elektr bilan uzluksiz ta’minlanishi har bir fuqaroning munosib hayot kechirishi uchun zarur bo’lgan sharoit hisoblanadi. Kishilarning qadr-qimmati yaxshi hayot kechirish bilan uzviy bog’liq bo’lgani sababli, shunga munosib hayot kechirish har bir shaxsning eng asosiy huquqlaridan biridir. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasida belgilanganidek, davlat fuqarolarning munosib hayot kechirishlarini ta’minlash yo’lida ishlashi lozim. Davlat xalq manfaatlariga xizmat qilib, uning organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’ullar (2-modda). Inson hayoti va qadr-qimmati oliy qadriyat sifatida belgilangan bo’lib (13-modda), davlat o’z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko’zlab bajarishi kerak (14-modda).

Fuqarolarning munosib hayot kechirishga bo’lgan huquqlari O’zbekiston uchun majburiy kuchga ega bo’lgan bir qator xalqaro shartnomalarga ham asoslanadi. Masalan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to’g’risidagi xalqaro paktining 11-moddasiga ko’ra, davlat har bir kishining o’zi va oilasi uchun munosib turmush darajasiga ega bo’lish huquqini (“the right to an adequate standard of living”) e’tirof etadi.

 Fuqarolarning gaz ta’minotiga bo’lgan huquqlari

 O’zbekiston Respublikasi qonunchiligi fuqarolarning munosib hayot kechirishlarini ta’minlovchi umumiy xarakterga ega bo’lgan huquqiy me’yorlarni belgilab  berish bilan birga, fuqarolarning gaz ta’minotiga bo’lgan huquqlarini alohida huquqiy hujjatlar bilan tartibga soladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ishlab chiqqan Iste’molchilarga gaz yetkazib berish Qoidalariga binoan, gaz ta’minotida ustunlik, birinchi navbatda, aholiga beriladi (3.4.-bandi). Bu degani, davlat gazini tasarruf qiluvchi va/yoki sotib olishi mumkin bo’lgan tomonlarga gaz O’zbekiston aholisi gaz bilan ta’minlangandan keyingina yetkazib beriladi. Gaz yetkazib berishni qisman kamaytirish yoki batamom to‘xtatib qo‘yishga gaz uchun haq to‘lash bo‘yicha qarz mavjud bo‘lgan holatlardagina yo’l qo’yiladi (ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun gaz ta’minotini vaqtinchalik to’xtatib turish bundan mustasno) (6.2.-bandi). «O’zbekiston Respublikasi hududida gazdan ro‘zg‘orda foydalanish qoidalari»da (mazkur qoidalarning faqat rus tilidagi matni mavjud – “Правила пользования газом в быту на территории Республики Узбекистан”) gaz yetkazib berishni qisman kamaytirish yoki batamom to’xtatib qo’yish jarayoni batafsilroq tartibga solingan. Qoidalarning 15-bandida muvofiq, gaz ta’minotiga mas’ul bo’lgan korxona quyidagi holatlarda gazni vaqtinchalik uzib qo’yishi yoki butunlay to’xtatishi mumkin:

(a) abonent (ya’ni gaz ta’minoti xizmatidan foydalanuvchi) gaz bo’yicha to’lovlarni o’z vaqtida amalga oshirmagan taqdirda, uni bir oy oldin ogohlantirgandan keyin gaz bilan ta’minlash shartnomasini buzishi mumkin;

(b) tomonlarning roziligi bilan gaz ta’minotini cheklash, vaqtinchalik uzib qo’yish yoki umuman to’xtatib qo’yish mumkin. Bu holatda abonent oldindan ogohlantirilishi lozim.

Aholining uzluksiz gaz ta’minotiga bilan bo’lgan huquqlari va ularning kafolatlari O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni bilan ham tartibga solinadi. Iste’molchilar xizmat haqida (bu maqolada gaz ta’minoti haqida) to’g’ri va to’liq ma’lumot olish huquqiga ega (4-modda). Bu degani, ijrochi (ya’ni, gaz ta’minoti bilan shug’ullanuvchi korxona) aholini gazdan qachon, nima sababli va qanday muddatga uzub qo’yishi haqida axborot berishi shart. Shu bilan birga, aholi tegishli darajada sifatli gaz ta’minoti olish huquqiga ega.

Ijrochi xizmatlar ko‘rsatish qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart (19-modda). Ish bajarish yoki xizmat ko‘rsatish jarayonida aniqlangan nuqsonlarni bartaraf etish muddatlari shartnomada ko’rsatilgan bo’lishi kerak. Ko’rsatilayotgan xizmatdagi nuqsonlar, agar shartnomada birmuncha qisqaroq muddat belgilanmagan bo‘lsa, iste’molchi talab qilgan kundan e’tiboran yigirma kun ichida ijrochi tomonidan bartaraf etilishi kerak. Nuqsonlar belgilangan muddatda bartaraf etilmasa, ijrochi iste’molchiga har bir kechiktirilgan kun uchun xizmat qiymatining bir foizi miqdorida neustoyka (penya) to’laydi. Ijrochining majburiyatni umuman yoki lozim darajada bajarmagani uchun neustoyka (penya) to‘lashi va zararni qoplashi uni majburiyatni asl holida bajarishdan ozod etmaydi.

Aholining sifatli gaz ta’minoti olish huquqini himoya qiladigan davlat organlari

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to’g’risidagi Qonunga binoan, davlat iste’molchilarning xizmat sotib olishi va undan foydalanish chog’idagi huquqlari hamda qonun bilan qo’riqlanadigan manfaatlari himoya qilinishini kafolatlaydi (23-modda). Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo’yicha maxsus vakolatga ega davlat organlari, asosan, ikkita:

O’zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo’mitasi va O’zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi (“O’zstandart”). Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo’mitasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida, asosan, quyidagi vazifalarni amalga oshiradi (25-modda):

–        Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to’g’risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;

–        Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to’g’risidagi qonun hujjatlarining qo’llanilishi masalalari yuzasidan rasmiy tushuncha beradi;

–        Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzish alomatlari aniqlangan taqdirda, ijrochidan zarur hujjatlar va tushuntirishlarni so’rab oladi;

–        Iste’molchilarning huquqlarini buzayotgan kamchiliklarni bartaraf etish to’g’risida ijrochiga ko’rsatma yuboradi.

Xizmatlar xavfsiz bo’lishini va ularning sifatini ta’minlash maqsadida O’zstandart quyidagi vakolatlarni amalga oshiradi (26-modda):

–        Xizmatlar xavfsiz bo’lishiga va ularning sifatiga doir majburiy talablarni belgilaydi hamda bu talablarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

–        Xizmatlar xavfsiz bo‘lishiga va ularning sifatiga doir talablar buzilishini bartaraf etish, past sifatli xizmatlar ko’rsatilishini to’xtatish to‘g‘risida ijrochiga ko‘rsatmalar yo‘llaydi;

–        Ijrochi xizmatlari xavfsiz bo‘lishi va ularning sifatiga doir talablarni buzgan taqdirda ularning ustidan sudlarda da’vo qo‘zg‘atadi.

Ijrochi iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganligi uchun javobgar bo‘ladi (27-modda). O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi iste’molchilar huquqlarining buzilishini bartaraf etish to‘g‘risidagi ko‘rsatmalarni bajarishdan bo’yin tovlaganlik yoki o’z vaqtida bajarmaganlik, shuningdek, ularga xizmatlar to‘g‘risida axborot taqdim etmaganlik yoki bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etganlik uchun javobgar yuridik shaxslarga eng kam ish haqining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishi mumkin.

 Gaz ta’minoti qonunlarda belgilangan tartibda amalga oshmasa, qayerga shikoyat qilish kerak?

O’zbekiston Konstitutsiyasining 43-moddasiga ko’ra, davlat fuqarolarning Konstitutsiyada va qonunlarda mustahkamlangan huquqlarini ta’minlashga majbur.

Fuqarolarning davlat organlari va mansabdor shaxslar ustidan shikoyat qilish huquqi O’zbekiston Respublikasi “Fuqarolar murojaatlari to’g’risida”gi Qonuni bilan tartibga solinadi. Konstitutsiya va boshqa qonunlarda o’zlariga berilgan huquqlar va erkinliklarni ro’yobga chiqarish maqsadida fuqarolar davlat organlariga ariza va shikoyat qilishga haqli (1-modda). Davlat organi va mansabdor shaxsning xatti-harakatlari yoki qarori ustidan shikoyat bo’ysunuv tartibiga qarab, yuqori turuvchi organ yoki mansabdor shaxsga yoxud sudga beriladi (8-modda). Demak, gaz ta’minoti belgilangan tartibda berilmaganda, fuqarolar ham ma’muriy, ham sudlov choralarini ko’rishlari mumkin. Ma’muriy choralar, asosan, bo’ysunuv tartibiga qarab yuqori turuvchi organga shikoyat qilishdan iborat bo’lsa, sudlov choralari bevosita sudga shikoyat qilishdan iborat.

Ma’muriy choralar doirasida, shikoyatni turli davlat organlariga yuborish mumkin. Konstitutsiyaning 93-moddasiga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti fuqarolarning huquqlariga rioya etilishining kafili hisoblanadi. Demak, shikoyatingizni bevosita Prezident nomiga yo’llashingiz ham mumkin. Ko’pincha, Prezident nomiga yo’llangan shikoyatlar chora ko’rilishi uchun tegishli davlat organlariga yuboriladi. Shuning uchun shikoyatni to’g’ridan-to’g’ri prokuraturaga yuborish samaraliroq bo’lishi mumkin. Konstitutsiyaning 118-moddasida, O’zbekiston Respublikasi hududida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni Bosh prokuror va unga bo’ysunuvchi prokuror amalga oshirishi qayd etilgan. Shu bilan birga, O’zbekiston Respublikasi “Prokuratura to’g’risida”gi Qonunga muvofiq, prokuratura davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan qonunlarning ijro etilishi, shuningdek, ular tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarning O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiqligi ustidan nazorat qiladi (20-modda). Prokuror vakolatiga fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklari to’g’risidagi qonunlarga rioya etilishini nazorat qilish ham kiradi (24-modda).

Yuqorida ta’kidlanganidek, shikoyatni bo’ysunuv tartibiga qarab, har qanday yuqori turuvchi organ yoki mansabdor shaxsga yuborish mumkin. Shikoyat yozishda e’tibor berilishi kerak bo’lgan muhim jihatlarni o’rganish uchun militsiya va Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari sodir etgan huquqbuzarliklar ustidan shikoyat qilish haqida yozilgan avvalgi maqolalarimizga murojaat qilishingizni tavsiya etamiz.

Ma’muriy choralarga qo’shib fuqarolar sudlov choralarini ham ko’rishlari mumkin. O’zbekiston Respublikasi “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish to’g’risida”gi Qonunga muvofiq, fuqarolar davlat organlari va mansabdor shaxslarning g’ayriqonuniy xatti-harakatlari va qarorlari bilan o‘z huquqlari yoki erkinliklari buzilgan deb hisoblasalar, shikoyat bilan sudga murojaat qilish huquqiga egadir. Sudga shikoyat bilan murojaat qilishga loyiq umumiy xatti-harakatlar sirasiga quyidagilar kiradi:

(a) Davlat organlari va mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari va qarorlari fuqaroning huquqlari va erkinliklarini buzganda;

(b) Bunday faoliyat fuqaroning o‘z huquqlari va erkinliklarini ro’yobga chiqarishiga monelik tug’dirganda.

“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi ham iste’molchi, huquqlari buzilgan taqdirda, sudga murojaat qilishga haqli ekanini belgilaydi. Da’volar, agar qonunlarda boshqacha qoida belgilanmagan bo’lsa, javobgar va iste’molchi joylashgan yerdagi yoki zarar yetkazilgan joydagi sudga taqdim etiladi. Iste’molchilar o’z huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq da’volar bo‘yicha davlat bojini to’lashdan ozod qilingan.

Sudga shikoyat qilish tartibi haqida batafsil ma’lumot olish uchun Fuqarolar murojaatlari haqidagi qonun, Fuqarolik protsessual kodeksi va Oliy Sud Plenumining “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan keltirilgan shikoyatlarni sudlarda ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida”gi qaroriga murojaat qilishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuniga ko’ra, fuqarolar sudga yuqorida nomlari tilga olingan davlat organlari orqali ham murojaat qilishlari mumkin. Masalan, O’zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo’mitasi iste’molchilarning huquqlarini himoya qilib sudga murojaat qilishga haqli (25-modda). O’zstandart ham gaz ta’minoti bo’yicha xavfsizlik va sifat talablarini buzgan ijrochi ustidan sudga da’vo qo‘zg‘ashi mumkin (26-modda). Fuqarolar gaz ta’minotidagi muammolarni batafsil ko’rsatgan holda mazkur davlat organlariga tegishli chora ko’rishlarini, shuningdek, ishni sudga oshirishlarini so’rab murojaat etishlari mumkin.

Amaliy yordam sifatida shuni tavsiya qilamizki, iste’molchilar gaz ta’minotida yo’l qo’yilayotgan kamchiliklar bo’yicha barcha ma’lumotlarni yig’ib borishlari lozim. Masalan, gaz qaysi soatlarda kam kelayotgani, o’chirilayotgani yoki qaysi kundan va soatdan e’tiboran umuman o’chirib qo’yilgani haqidgi holatlarni qayd etib borishlari muhim. Gaz ta’minotidagi muammolar bir xonadonni emas, balki butun mahalla yoki qishloq miqyosida bo’lgani uchun, shikoyatni bir xonadon nomidan emas balki butun mahalla nomidan yozib, tagiga barcha xonadon vakillari imzo qo’yishlari maqsadga muvofiq.

Comments are closed.