yoxud siz bilgan va bilmagan ayrim o’zgarishlar haqida
Shu kunlar saytimizni ziyorat qilgan bo’lsangiz, jiddiy bir o’zgarishni payqagan bo’lishingiz shubhasiz. Nomimiz o’zgardi. Nafaqat nomimiz, balki saytimiz manzili ham.
“Adolat.Net” bundan buyon “Tashabbus” nomi ostida ish olib boradi.
Internetdagi yangi manzilimiz esa – www.tashabbus.com.
Biznes olamida nom va saytning o’zgarishi katta voqea va bu, aslida, yaxshilik alomati sifatida ko’rilmaydi. Chunki nom – har qanday tashkilotning yuzi bo’lib, boshidan qanday bo’lishi puxta rejalanishi kerak.
Nega “Adolat.Net” bunday o’zgarishlarga yuz tutdi? Sababini qisqacha shunday izohlashimiz mumkin:
Birinchi sababi – biz tushunmagan ayrim sabablarga ko’ra, Adolat.Net sayti O’zbekistonda ochilmayapti. Maqsadimiz – O’zbekistonda qonun ustuvorligining ta’minlanishiga o’z hissamizni qo’shish. Buni O’zbekiston fuqarolarining huquqiy savodxonligini oshirish orqali amalga oshirmoqchimiz.
Asosiy auditoriyamiz O’zbekistonda ekan, saytimizning O’zbekistonda ishlashi, o’zbekistonliklarning maqolalarimizni bemalol o’qiy olishi biz uchun juda muhim.
Ikkinchi bir sabab – Adolat nomining biz uchun biroz og’irlik qilgani. Adolat o’rnatishga yoki adolatli bo’lishni da’vo qilishga hali jur’atimiz yetmaydi. Hozircha haddimiz siqqani – Qonun ustuvorligini o’rnatish yo’lida tashabbus ko’rsatish. Barchamiz haq-huquqlarimizni yaxshi tanisak, shu yo’lda tashabbus ko’rsatsak, O’zbekistonda kuchli fuqarolik jamiyati qurish jarayonini tezlatishga o’z hissamizni qo’shgan bo’lamiz.
“Tashabbus” loyihasiga doir yuz berishi kutilayotgan yana ikki texnik o’zgarish bor. Ular quyidagilar:
1. Yaqin kunlarda saytimiz o’z yuziga – logosiga ega bo’ladi;
2. “Facebook”dagi “Profil” manzilimiz “Page” sahifasiga o’zgaradi. Shaxs emas, bir guruh nomidan ishlaganda, shunisi ma’qul. Agar siz “Facebook”da hozir bizning do’stimiz bo’lsangiz, “Page”ga o’zgargandan so’ng, do’stligingiz ishqibozlikka aylanadi. Ya’ni, do’stlarimiz bizni yoqtirganlar (Liked) ro’yxatidan o’rin oladi. Agar biz bilan do’stlashishga hali ulgurmagan bo’lsangiz, buni hoziroq amalga oshirishingiz mumkin. “Tashabbus”ning “Facebook”dagi manzili: www.facebook.com/tashabbus
Faoliyatimizga doir qo’shimcha savollaringiz yoki fikrlaringiz bo’lsa, ularni axborot@tashabbus.com manzili orqali bajonidil qabul qilamiz.