Adolat.net internet loyihasi o’tgan yili avgust oyida o’z faoliyatini boshlagan edi. Saytimiz bugun bir yoshga to’ldi. Bir yillik faoliyatimizning qisqacha sarhisobi quyidagicha:
Bir yil davomida saytimizda jami 292 ta material nashr etildi. Shulardan112 tasi bizga kelgan yuridik savollarga berilgan javoblar. Bir yil davomida saytimizga jami 225 ta savol kelib tushgan bo’lsa, hozirgacha ulardan 112 tasiga javob berib, bu javoblarni saytimizga qo’yishga ulgurdik. Bu degani, jami berilgan savollarning qariyb 50 foziga javob berishga muvaffaq bo’ldik. Albatta, bu yuqori ko’rsatkich emas.
Vaqtimizning kamligi, qolaversa, berilayotgan savollarga o’z vaqtida va tez javob berishni ta’minlash darajasida yetarli huquqshunoslarga ega emasligimiz 100 foiz ko’rsatkich bilan ishlamaganimizning asosiy sabablaridir.
Shuni aytib o’tishimiz kerakki, bizga kelib tushadigan har bir savol sayt mutasaddilari tomonidan ro’yxatga olinadi va ularga malakali huquqshunoslar o’z navbati bilab javob berib boradilar. Agar siz jo’natgan savolga shu paytgacha javob berilmagan bo’lsa, demak, hozirda huquqshunosalarimiz undan oldin kelgan boshqa savollarga javob tayyorlash bilan band.
Eng ko’p berilgan savollar oilaviy munosabatlar, xususan, ajrashish va aliment undirishga oid ekani aniqlandi. Bu borada ikkinchi o’rinni pasport , OVIR, viza, propiska va fuqarolik masalalari haqidagi savollar egallagan. Eng ahamiyatli savollar sifatida uchinchi o’rinni vijdon erkinligiga oid masalalar band etgan.
Adolat.net virtual yuridik klinikasi eng ko’p ko’rsatgichga ega bo’lgan oilaviy munosabatlarga oid 24 ta savolga, ijtimoiy ta’minot munosabatlari haqida 14 ta savolga, pasport, propiska,OVIR, viza va fuqarolik masalalari bo’yicha esa 13 ta savolga javob bergan.
Yil davomida kelayotgan savollarga javob berishdan tashqari, saytimizning Kutubxona bo’limiga huquqshunoslikning turli sohalariga oid ilmiy maqolalar, ilmiy ishlar, darslik va o’quv qo’llanmalari hamda qonun hujjatlarini ham qo’yib bordik. Ulardan huquqshunoslar, talabalar va keng kitobxonlar ommasi birdek foydalanib manfaat olishi mumkin.
Shu kungacha saytimizda eng ko’p o’qilgan 10 ta maqola ro’yxati quyidagicha:
- Hijob ibodat libosimi?
- Maktab ichki nizomlarida hijobga taqiq qo’yish qonuniymi?
- Ta’lim to’g’risidagi qonun
- O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi
- O’zbekiston Respublikasining Oila kodeksi
- Da’voli ishlar bo’yicha huquq himoyasining protsessual jihatlari
- Mehnat shartnomasining noqonuniy bekor qilinishi ustidan da’vo qilish tartibi
- Toshkentlikka uylansam, doimiy propiskaga o’tamanmi?
- Tashkilot nizomlari qonunlarga zid kelsa nima qilish kerak?
- “Bola puli” kimlarga va qay tartibda beriladi?
O’quvchilarimiz orasida biz bilan hamkorlik qilishni istovchi huquqshoslar yoki huquqshunoslik talabalari bo’lsa, ushbu fursatdan foydalanib, ularni birga ishlashga va ushbu xayrli loyihaga o’z hissalarini qo’shishga chaqirib qolamiz.
Hurmat bilan,
Adolat.net sayti ma’muriyati
Izoh: 2012-yildan boshlab “Adolat.net” sayti nomi “Tashabbus”ga o’zgardi.
One Comment