Feysbukda Musannif Adham nomi bilan tanilgan bloger Adham Olimov va boshqa blogerlar hibsga olinishida Sovet qatagʻoni va islohotlar boshlanmasidan oldingi noqonuniy usullarni kuzatish mumkin.
Adham Olimov 28 avgust kuni kechqurun soat 18:00larda sakkiz nafar kishi tomonidan hibsga olindi va Olmazor tumani IIBga olib ketildi. Tashrif buyurgan kishilar ism-familiyasini aytmagan, xizmat guvohnomasini koʻrsatmagan. Uyni tintib, telefon, fleshka, xard disk kabi ashyolarni olib ketishgan. Oʻz harakatlarini asoslash uchun Toshkent shahar prokurori sanksiyasi bor, deb aytganlar, ammo uy egalariga biror-bir hujjat koʻrsatmaganlar.
Oila aʼzolari hozir Olimovga qarshi maʼmuriy qamoq jazosi qoʻllanilganini biladilar, ammo ulardan birontasi sud majlisi haqida xabardor qilinmagan. Ularga sud qarori nusxasi ham berilmadi. Hozirgacha Olimov qayerda ekanligini nomaʼlum.
Xoʻsh, 2016 yil oxiridan beri huquqiy davlat qurish borasida qabul qilingan oʻnlab qator qonunlar, qarorlar va Prezident topshiriqlari nimaga bajarilmayapti? Olimovning hibsga olinishi qonun ustivorligi uchun jiddiy sinov boʻlib, vaziyatga qonuniy tus berish uchun tegishli hukumat organlari qonunbuzarliklarga qarshi zudlik bilan chora koʻrib, Olimovni ozod etishlari kerak.
Mazkur ishning ahamiyati nimada?
Olimov mashhur bloger. Xalqaro munosabatlar, diniy va davlat, vijdon erkinligi, qonun ustuvorligi sohalarida Feysbuk orqali oʻz fikr-mulohazalarini boʻlishib yurgan. U biron marta davlatning konstitutsiyaviy tuzumiga qarshi kuch ishlatish, Islomiy davlat oʻrnatish, turli ekstremistik guruhlarga yordam berish haqida post qilgani kuzatilmagan. Fikr bildirishda xolisligi bilan ajralib turgan. Masalan, Nikita Makarenkoga qarshi boshlangan qoralash kampaniyasiga qarshi chiqqan.
Uning asossiz hibsga olinishi bir tomondan soʻz erkinligining cheklanishi boʻlsa, boshqa tomondan vijdon erkinligiga qarshi cheklovlar qaytyapti, deb shubha qilishga sabab boʻlmoqda. Qolaversa, 2016 yil oxiridan beri boshlangan qonun ustuvorligi borasidagi islohotlarga ishonchni soʻndirmoqda.
Qaysi huquqlar buzildi?
2016 yil 16 sentyabrda “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi, 2017yil 16 martda kuchga kiradi. Qonun fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga alohida urgʻu beradi. Jumladan, 8-moddada Ichki ishlar organi xodimi fuqaroga murojaat etganida: [1] oʻz lavozimini; [2] unvonini; [3] ism-sharifini; [4] fuqaroning talabiga koʻra xizmat guvohnomasini koʻrsatishi shart deyiladi. Ichki ishlar xodimi mazkur xatti-harakatlarni bajargandan keyingina murojaat qilishining sababini va maqsadini maʼlum qilishi shart. Mazkur ishda esa IIB xodimlari oʻzlarini tanishtirmadilar, hech qanday guvohnoma koʻrsatmadilar. Olimovni hibsga olishga ruxsat beruvchi sanksiyani taqdim etmadilar. Uyga ish vaqtidan keyin kelish va tintuv oʻtkazish sababi va zarurati ham aytilmadi.
8-moddada fuqaroga nisbatan uning huquq va erkinliklarini cheklovchi choralar qoʻllanilgan taqdirda, bunday choralar qoʻllanilishining sababi hamda asoslari, shuningdek, fuqaroning shu munosabat bilan yuzaga keladigan huquqlari va majburiyatlarini unga tushuntirilishi shart. Mazkur huquq va majburiyatlar doirasiga oila aʼzolariga va/yoki advokat bilan bogʻlanish huquqi ham kiradi. Demak, ushbu qonun talablari amalda bajarilganda, bloger Olimov allaqachon ahvoli va qayerdaligi haqida oilasiga xabar bergan boʻlar edi. Ammo hozirgi vaziyat unday emas. Maʼmuriy chora koʻrilgan, ammo uning qayerda ekanligi haligacha nomaʼlum.
9-moddada Ichki ishlar organlari oʻz faoliyatini ochiq va shaffof tarzda amalga oshirishi belgilangan. Bu degani, Olimovning oila aʼzolari IIB va/yoki prokuratura bilan bogʻlanganda toʻliq maʼlumot olishlari kerak edi. Qonunning mazkur talabi ham qoʻpol buzilmoqda. Olimovning oila aʼzolari turli davlat organlariga murojaat qilishlariga va hibsga olinganiga uch kun oʻtganligiga qaramay Olimov qayerdaligi haqida maʼlumot ololmadilar.
Qolaversa, Jinoyat Protsessual Kodeksining 217-moddasiga koʻra, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga nisbatan ushlab turish tarzidagi majburlov chorasini qoʻllaganida, bu haqda 24 soatdan kechiktirmasdan uning oila aʼzolaridan biriga maʼlum qilishi shart. Mazkur talab ham bajarilmadi. Hibsga olinganidan keyin qariyb uch kun oʻtganligiga qaramasdan Olimovning qayerda saqlanayotgani haqida maʼlumot yoʻq.
Olimov nimaga zudlik bilan ozod etilishi kerak?
Olimovga qarshi koʻrilgan choralarning birontasi qonun asosida amalga oshirilmagani uchun, u zudlik bilan ozod etilishi, maʼmuriy qamoq jazosi bekor qilinishi, unga qarshi noqonuniy chora koʻrgan IIB xodimlari esa jazolanishi kerak. Oilasidan olingan maʼlumotlarga koʻra, 28 avgust kechki 18:00da boshlangan majburlov choralari qator qonunbuzarliklari bilan amalga oshirilgan. IIB xodimlari oʻzlarini tanishtirmagan, hibsga olish uchun sanksiyani taqdim etmaganlar, noqonuniy tintuv oʻtkazib, dalolatnoma tuzmasdan bir necha elektronika ashyolarini olib chiqib ketganlar.
29 avgust kuni maʼmuriy sud boʻlib oʻtib, unga 15 kunlik maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangani aytiladi, ammo sud majlisi haqida na Olimovning oila aʼzolari, na advokat xabardor etilgan. Shu tufayli sud majlisida ishtirok ham etmaganlar. Blogerning qayerdaligini oʻrganish uchun 3 kundan beri IIB va prokuraturaga qilingan turli murojaatlar javobsiz qolgan, Olimovning qayerdaligi hamon nomaʼlum.
Yuqoridagilar Oʻzbekistonda qonun ustivorligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar uchun jiddiy sinov. Xalqning islohotlar va Ichki ishlar xodimlariga qarshi boʻlgan hurmati va ishonchi oshib borayotgan vaqtda, mazkur hodisa hukumat obroʻsiga jiddiy putur yetkazishi mumkin. Bunga yoʻl qoʻyilmasligi uchun Olimov va boshqa blogerlar ozod etilishi, qoʻpol qonunbuzarliklarga yoʻl qoʻygan IIB xodimlari jazoga tortilishi kerak. Aks holda qonunlar, qarorlar va Prezident topshiriqlari qogʻozda qolayotgani, amalda esa hech qanday joʻyali oʻzgarish boʻlmayapti, deb aytayotganlarning ovozi balandroq eshitiladi.
Mirakmal Niyazmatov, huquqshunos