Fuqarolik huquqi, Maqolalar

O’qish uchun imtihonlarning bir kunda o’tkazilishi fuqarolar huquqini buzadimi?

© Photo Gazeta.uz

Mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalarining soni, taxminan, 70 ta bo’lib, yiliga 56722 nafar talabani qabul qiladi. Davlat test markazi ma’lumotiga ko’ra, o’tgan yili Toshkentdagi oliy ta’lim maskanlari orasida abiturientlardan eng ko‘p arizalarni Toshkent Davlat texnika universiteti (16219), Toshkent Davlat pedagogika universiteti (15606), O‘zbekiston Milliy universiteti (13286), Toshkent Davlat agrar universiteti (10540) va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (8578) qabul qilgan.

Respublikadagi barcha oliy ta’lim muassasalariga imtihon bir kunda o’tkaziladi. Natijada abiturient faqatgina bitta universitetga hujjatlarini topshirish imkinoyatiga ega, xolos.

Davlat test markazi bergan ma’lumotlarga ko’ra, 2013-yil 480405 nafar abiturient oliy o’quv yurtlariga hujjat topshirgan. Demak, har bir o’rin uchun eng kamida 8 ta da’vogar to’g’ri kelgan. Ba’zi joylarda esa bir o’rin uchun 23 nafar abiturient da’vogarlik qilgan. Masalan, Toshkent Tibbiyot akademiyasining Farg’ona filialida 115 talabalik o’rniga 2599 nafar abiturient hujjat topshirgan.

Oliy ta’lim muassalariga kirish sinov imtihonlarini amalga oshirish “Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom bilan tartibga solinadi. Uning asosiy qoidalari quyidagichadir:

–        Oliy ta’lim muassasalariga qabul teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va yagona tanlov asosida amalga oshirilib, test sinovlarida eng yuqori ball to‘plagan abiturientlarning davlat grantlari bo‘yicha birinchi navbatda qabul qilinish huquqi ta’minlanadi. Qolgan abiturientlar test ballari reytingi asosida belgilangan to‘lov-kontrakt kvotalari doirasida qabul qilinish huquqiga egadirlar.

–        Tanlov har bir oliy ta’lim muassasasi bo‘yicha ta’lim yo‘nalishlari, o‘qitish tillari va shakllariga ko‘ra alohida o‘tkaziladi;

–        Test sinovlari, shuningdek, ularni o‘tkazish tartibini belgilash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan amalga oshiriladi.

–        Test sinovlari kunduzgi va maxsus sirtqi bo‘limlar uchun 1 avgustda o‘tkaziladi.

Nazarimizda, Nizomning eng muammoli qoidasi bu test sinovlari har bir oliy ta’lim muassasasi bo‘yicha ta’lim yo‘nalishlari, o‘qitish tillari va shakllariga ko‘ra alohida o‘tkazilishi haqidadir. Bunday tartibning o’rnatilishi natijasida abiturient faqat bitta oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirish imkoniyatiga ega bo’lib, test sinovlarini muvaffaqiyatli topshirmagan taqdirda keyingi yil o’tkaziladigan sinovlarni kutishga majbur bo’ladi. Masalan, 2013-yilda Toshkent davlat yuridik institutiga (TDYI) kirish bali 215ni tashkil etgan bo’lsa, ammo abiturient 209 bal to’plagan bo’lsa, u bu yil nafaqat TDYIda, balki O’zbekiston hududida joylashgan yuridik yoki yuridik sohaga yaqin bo’lgan boshqa yo’nalishda (yuridik ta’lim yoki xalqaro munosabatlar) o’qish huquqidan ham to’liq mahrum bo’ladi. U TDYIdan boshqa shu yo’nalishdagi oliy o’quv yurtlariga kirish balidan yuqori bal yig’gan bo’lsa ham. Yoki 2013-yilda Andijon davlat universiteti (ADU) huquq bo’limiga kirish bali 190 bo’lgan bo’lsa, ammo abiturient 218 bal to’plasa, u faqat ADUda o’qish imkoniyatiga ega bo’ladi. Vaholanki, u to’plagan bal TDYIda o’qish huquqini berish darajasida yuqoridir.

Qabul shartlari va abiturientlar yig’adigan ballar bilan bog’liq bu voqelik, nazarimida, bir qator huquqiy muammolarni keltirib chiqaradi.

Oliy o’quv maskanlariga test sinovlarini topshirishning mazkur tartibi adolatlimi? Bu holat amaldagi qonunchilikning qaysi me’yorlarini buzadi, deb hisoblaysiz?

O’quvchilarimizdan shu haqda fikr-mulohaza bildirishlarini kutib qolamiz. Biz esa navbatdagi maqolamizda mavzuni batafsil sharhlashga harakat qilamiz.

One Comment