Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-apreldagi 109-sonli qaroriga asosan, 2013-yilning 1-sentabridan boshlab chet tili o’qituvchilarining oylik maoshi qishloq joylarida ta’lim beruvchilar uchun 30 foizga, boshqa joydagi o’qituvchilar uchun esa 15 foizga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining «Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash shartlarini tartibga solish to‘g‘risida» 1994-yil 29-sentabrdagi 490-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qaroriga ko’ra, ta’lim muassasalarining chet tillar, xorijiy filologiya, chet tili va tarjima yo‘nalishlarining kasbiy va maxsus fanlari professor-o‘qituvchilari va o‘qituvchilariga qishloq joylarda joylashgan ta’lim muassasalarida – lavozim maoshlariga bazaviy lavozim maoshining (tarif stavkasining) 30 foizi miqdorida, qolgan ta’lim muassasalarida – bazaviy lavozim maoshining (tarif stavkasining) 15 foizi miqdorida oylik ustamalar qo’shilishi belgilangan. Buning uchun o’qituvchilar quyidagi shart va malakalarga ega bo’lishi lozim:
asosiy ishidan ajralgan holda kamida 144 soat davom etadigan dastur bo‘yicha belgilangan tartibda malaka oshirish;
tegishli ta’lim muassasasida pedagogik faoliyat olib borish uchun zarur malaka va chet tilini bilishni aniqlash bo‘yicha Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlaridan o‘tish;
malaka oshirish to‘g‘risidagi davlat namunasidagi sertifikatga ega bo’lish.
Shuningdek, oliy o’quy yurtlarida chet tilidan ta’lim beruvchi professor-o’qituvchilar oylik maoshiga o‘qitish kursining davomiyligiga va chet tilini o‘qitish kasb mahoratiga qarab 25 foizdan 40 foizgacha ustama haq to’lanishi belgilandi. Shtatdagi professor-o‘qituvchilar tarkibi uchun chet tilida o‘quv fanini o‘qitish kursining davomiyligi bir semestrda kamida 36 soatni tashkil etishi kerak. Professor-o‘qituvchilar tarkibining lavozim maoshlariga yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan ustamalar tegishli fakultetlarning dekanlari taqdimnomalari bo‘yicha oliy ta’lim muassasasining rektori (direktori) tomonidan belgilanadi.
(Suratda O’zbekiston Milliy universitetining xorijiy filologiya fakulteti, © nuu.uz)